2026-yil 9-oktabr kuni Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (CCI France Ouzbékistan) IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda «ICT Week Decoded» nomli brifing o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ICT Week Uzbekistan 2026 tadbirlari yakunlari sarhisob qilindi, axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston–Fransiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi hamda fransuz kompaniyalariga IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlar tanishtirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, Enterprise Uzbekistan, Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston kompaniyalari ishtirok etdi. Ular orasida Expertise France, Suez, Veolia, UzAssystem, Legrand SNC Uzbekistan, TS Team, Neoinsurance, CMWP, Women in Tech Uzbekistan, Parker Russell, Office Technologies, Bureau Veritas, AKFA Group, Novynex, Central Asia Engineering, Euro Gourmet, Shohruh va Euromedex vakillari bor edi.
Brifingni IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov, Enterprise Uzbekistan global biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Bokhodir Ayupov hamda Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ijrochi direktori Dunkan Labadi ochib berdi. O‘z chiqishlarida ular axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasida O‘zbekiston–Fransiya hamkorligini mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Asosiy sessiya doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Enterprise Uzbekistan vakillari O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish, 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani amalga oshirish, xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralari, IT-autsorsingni rivojlantirish hamda maxsus texnologik yurisdiksiyani tashkil etish bo‘yicha ma’lumot berdilar.
Ishtirokchilar sun’iy intellekt sohasidagi qonunchilik bazasi va tartibga solish bo‘yicha sinov muhitini (regulyator qumloq — regulatory sandbox) yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, nutqni tanib olish va mijozlar bilan o‘zaro aloqalarni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan Kotib AI yechimlari namoyish etildi.

Savol-javob sessiyasida fransuz biznesi vakillari O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish, mahalliy bozorga kirish shartlari va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Fransiya–O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Alisher Hayitmetov IT Park Uzbekistan va Enterprise Uzbekistan vakillariga CCI France International tarmog‘ining har yili o‘tkaziladigan Bosh assambleyasida ishtirok etishni taklif qildi. Mazkur tadbirda a’zo mamlakatlar alohida ko‘rgazma stendlari orqali taqdim etiladi.
Brifing O‘zbekiston va Fransiya kompaniyalari o‘rtasida axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari bilan tanishib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
2026-10-10