14-sentabr kuni IT Park Uzbekistanda Guangdong provinsiyasi Tijorat departamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park Uzbekistan Eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov ishtirok etdi.
Tomonlar Xitoy texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonga investitsiya loyihalarini jalb etish hamda IT-industriyaning istiqbolli yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

IT Park Uzbekistan vakillari Xitoy delegatsiyasini tashkilot faoliyati, xorijiy texnologik kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari hamda mamlakatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishtirdi.
Alohida e’tibor kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va IT Park ishtirokchisi maqomini olish, amaldagi soliq imtiyozlari, mavjud xizmatlar, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish talablariga qaratildi.
Guangdong provinsiyasi Tijorat departamenti vakillari hududdagi texnologik biznes bilan hamkorlik tajribasi hamda keng biznes aloqalari tarmog‘i haqida ma’lumot berdi.
Xitoy tomoni IT Park Uzbekistan va Guangdong provinsiyasidagi potensial hamkorlar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlarini ham belgilab oldi. IT Park Uzbekistan R&D va sun’iy intellekt (AI) sohalarida aniq qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdi.
Kelgusida tomonlar O‘zbekiston va Guangdong provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikdan manfaatdor potensial loyihalar va kompaniyalar haqida axborot almashishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
2026-09-16