2026-yil 20-may kuni IT Park Uzbekistan ofisida Ispaniyaning ICEX delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar MWC 2026 doirasida boshlangan muzokaralarning davomi sifatida startap ekotizimlari, xalqaro hamkorlik va texnologik kompaniyalarni xorijiy bozorlarga olib chiqish bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

ICEX va Ispaniya elchixonasi vakillari delegatsiyasi tarkibida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi Kristina Santamariya Garsiya ishtirok etdi. IT Park Uzbekistan tomonidan esa strategik rivojlanish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Mahliyo Muksinova qatnashdi.

Muloqot davomida ICEX tomonidan xalqaro startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Rising Up in Spain” dasturi taqdim etildi. Dastur xorijiy startaplarga netvorking imkoniyatlari hamda Ispaniya startap ekotizimiga integratsiyalashuvni taqdim etadi. Shuningdek, ICEX vakillari avval “Russian Startups Go Global” tashabbusi va Skolkovo startaplari bilan ishlash tajribasi haqida ham ma’lumot berdi.

Uchrashuv doirasida ICEX vakillari TIIF 2026 (Tashkent International Investment Forum)da ishtirok etish va ICT Week 2026 doirasida “Rising Up in Spain” dasturini taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi ham ICEX’ni TIIF platformasida ishtirok etishga taklif qildi.

Tomonlar ICT Week 2026 va GBSF 2026 kabi xalqaro tadbirlarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Bundan tashqari, ular IT Park Uzbekistan vakillarini Ispaniyada o‘tkaziladigan South Summit 2027 yirik startap tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, texnologik kompaniyalar uchun yangi bozor imkoniyatlarini yaratish va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
2026-05-21