ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan vakillari hamda Shenzhen Longgang City Construction Investment Group Co., Ltd. delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
IT Park Uzbekistan tomonidan uchrashuvda raqamlashtirish bo‘yicha direktor Farrux Rasulev, Xitoy delegatsiyasi tomonidan esa Shenzhen shahrining Longgang tumani rahbari o‘rinbosari Xu Hongli ishtirok etdi.
Tomonlar IT Park Uzbekistan va Longgang tumanining texnologik ekotizimi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, biznes aloqalarini kengaytirish, texnologik kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda kompaniyalarning O‘zbekiston va Xitoy bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash istiqbollarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun: Longgang Shenzhenning asosiy texnologik va sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Hududda Huawei va BYD kabi xalqaro kompaniyalarning bosh ofislari va yirik bo‘linmalari joylashgan.
Muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlardan biri Shenzhenda Xitoy kompaniyalari uchun taqdimot uchrashuvini tashkil etish imkoniyati bo‘ldi. Ushbu tadbir doirasida IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda faoliyat yuritish shartlari, xorijiy texnologik kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini taqdim etishi mumkin.
IT Park Uzbekistan, shuningdek, Xitoyning texnologik parklari va boshqa hamkorlari bilan yo‘lga qo‘yilgan amaldagi aloqalar haqida ma’lumot berdi. Xitoy tomoni esa Longgang ekotizimiga kiruvchi kompaniya va tashkilotlar faoliyati bilan tanishtirib, Longgang Intelligent Manufacturing and Digital Economy Industrial Park imkoniyatlarini taqdim etdi.
Tomonlar texnologik parklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, IT Park Uzbekistan va Longgangdagi tegishli texnologik park o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda data-markazlar, bulutli xizmatlar va raqamli infratuzilma masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xitoy tomoni O‘zbekiston bozorida data-markaz xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. Shu munosabat bilan raqamli infratuzilma va bulutli texnologiyalar sohasidagi ehtimoliy hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Xitoy tomoni IT Park Uzbekistan va Shenzhen Longgang District Industrial Investment Service Group Co., Ltd. o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishni taklif qildi. Mazkur tashkilot tarkibiga AI, IT va ICT yo‘nalishlariga ixtisoslashgan uchta texnologik park kiradi.
Uchrashuv davomida delegatsiya IT Park Uzbekistan’da faoliyat yuritish shartlari, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, mavjud faoliyat shakllari hamda texnologik kompaniyalar uchun belgilangan faoliyat yo‘nalishlari bilan ham tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar texnologik va startap hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha muloqotni davom ettirish, jumladan, O‘zbekiston startaplarining Xitoy bozoriga, Xitoy startaplari va texnologik kompaniyalarining esa O‘zbekiston bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
2026-09-23