IT Park Uzbekistan va MBK Holding IT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov MBK Holding kompaniyasi asoschisi va boshqaruv kengashi raisi Shayx Mansur bin Xalifa Ol Soniy boshchiligidagi Qatar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

MBK Holding — sun’iy intellekt, blokcheyn, deep tech, HealthTech va startaplarni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi Qatar texnologik investitsiya platformasi. Kompaniya Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Buyuk Britaniya hamda boshqa xalqaro bozorlarda turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar IT Park Uzbekistan va MBK Holding o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, IT-eksportni rivojlantirish hamda o‘zbek kompaniyalarining raqamli mahsulotlarini Qatar va mintaqaning boshqa davlatlari bozorlariga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, MBK Holding vakillari O‘zbekistonda rasmiy vakolatxona ochish rejalarini tasdiqlab, ushbu loyihani amaliy bosqichga o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. 

Alohida e’tibor raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalasiga qaratildi. Muhokamalar doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ilmiy-tadqiqot (R&D) yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Data Center qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Mazkur tashabbus Qatar tomoni tomonidan qiziqish bilan kutib olindi va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, HealthTech sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi. MBK Holding raqamli sog‘liqni saqlash va innovatsion tibbiy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zbek IT mutaxassislarini xalqaro texnologik kompaniyalarga jalb etish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekiston va Qatar texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildi.

MBK Holding bilan hamkorlikni rivojlantirish o‘zbek IT kompaniyalari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ularning xorijiy bozorlardagi ishtirokini kengaytirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda O‘zbekiston texnologik ekotizimining xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

2026-06-19