IT Park Uzbekistan va OITE Global COMEX 2027 doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Abdulahad Kuchkarov OITE Global guruhi bosh direktori va COMEX bosh direktori Amr Abdullah Baabood bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar IT Park Uzbekistan va Ummondagi COMEX Global Technology Show tashkilotchisi OITE Global o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, jumladan, O‘zbekiston texnologik kompaniyalari va startaplarining COMEX xalqaro tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

COMEX Global Technology Show Ummonning davlat tuzilmalari, texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar va soha ekspertlarini birlashtiruvchi muhim xalqaro texnologik platformalaridan biridir. Maskatda o‘tkaziladigan ko‘rgazma konferensiya dasturi, B2B uchrashuvlar, startaplar va investorlar o‘rtasidagi muloqot, amaliy sessiyalar hamda texnologik yechimlar taqdimotlarini qamrab oladi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri IT Park Uzbekistan’ning 2027-yil 1–4-fevral kunlari Maskatda bo‘lib o‘tadigan COMEX 2027 ko‘rgazmasida ishtirok etish imkoniyatlari bo‘ldi. Tomonlar ko‘rgazmada ishtirok etish formatlari, O‘zbekistonning texnologik salohiyatini namoyish etish hamda mahalliy IT kompaniyalari va startaplarini ilgari surish uchun qo‘shimcha platformalar yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Startaplar va investorlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. COMEX ekotizimi doirasida Markaziy Osiyo startaplari uchun alohida yo‘nalish tashkil etish, jumladan, potensial investorlar, texnologik kompaniyalar va xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar COMEX bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat O‘zbekiston startaplarining COMEX tadbirlarida rasmiy ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, texnologik ekotizimlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda COMEX tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.

COMEX’ning asosiy yo‘nalishlari elektron hukumat, korporativ texnologiyalar, sun’iy intellekt, bulutli yechimlar, kiberxavfsizlik, startaplar, Gaming & Esports, bank va moliyaviy texnologiyalarni qamrab oladi. Alohida tematik zonalar robototexnika, aqlli shaharlar, kosmik va uchuvchisiz texnologiyalar, barqaror energetika, AgriTech va HealthTech yo‘nalishlariga ham bag‘ishlangan.

2025-yilda COMEX ko‘rgazmasiga 90 mingdan ortiq tashrif buyuruvchi, 200 dan ziyod davlat va xususiy tashkilot hamda 140 dan ortiq texnologik startap jalb qilindi. Ko‘rgazma doirasida umumiy qiymati qariyb 116 mln Ummon riyoliga teng 150 dan ortiq kelishuv imzolangani e’lon qilindi. COMEX 2027 ko‘rgazmaning 35-marotaba o‘tkazilishi bo‘lib, Oman Convention & Exhibition Centreda bo‘lib o‘tadi.

OITE Global COMEX tashkilotchisi bo‘lib, Ummonda xalqaro ko‘rgazmalar, konferensiyalar va biznes tadbirlarini tashkil etishga ixtisoslashgan. Kompaniya bozorda 40 yildan ortiq faoliyat yuritib, davlat sektori, biznes, investorlar va xalqaro texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikka xizmat qiluvchi platformalarni rivojlantirib kelmoqda.

COMEX bilan hamkorlik allaqachon amaliy asosga ega. 2025-yil sentabr oyida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, shuningdek, IT Park rezidentlari Detecting AI, BRB Tech va Fleetroot Maskatda o‘tkazilgan COMEX Technology Show’da ishtirok etib, Ummon va xalqaro kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi hamda yangi eksport va texnologik loyihalarni muhokama qildi.

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasidagi uchrashuv va memorandumning imzolanishi IT Park Uzbekistan va OITE Global o‘rtasidagi keyingi hamkorlik, O‘zbekiston texnologik kompaniyalari va startaplarining COMEX platformalaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, Ummon va Fors ko‘rfazi davlatlari bozorlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun asos yaratdi. 

2026-09-28