IT Park Uzbekistan va Sonect O‘zbekiston hududlarida operatsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish hamda iste’dodlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Sonect bosh direktori Yekaterina Osina bilan uchrashdi. Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, BPO yo‘nalishini kengaytirish, hududiy joylashuvni tanlash hamda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha amaliy qadamlar muhokama qilindi. Sonect — 20 yildan ortiq sanoat tajribasiga ega, ilgari global Teleperformance guruhi tarkibida faoliyat yuritgan xalqaro mijozlar tajribasi (CX) va biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) kompaniyasidir.

Sonect O‘zbekiston bozoriga kirishini avvalroq e’lon qilgan va mamlakatni eksportga yo‘naltirilgan biznesni yanada rivojlantirish uchun strategik maydon sifatida ko‘rayotgan edi. Bu qaror avvalroq Moskva va Toshkentda bo‘lib o‘tgan bir qator uchrashuvlar natijasida qabul qilindi. Kompaniya xalqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun ko‘p tilli mutaxassislarni jalb etishga e’tibor qaratgan holda, mamlakatda operatsion markaz ochishni, shuningdek, GBSF 2026 doirasida o‘zining yangi brendini taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Sonect jamoasi Mijoz tajribasi va Biznes jarayonlari autsorsingi sohasida dunyoning yirik ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Teleperformance xalqaro kompaniyasi tarkibida edi. Kompaniya 100 dan ortiq mamlakatdagi 170 dan ziyod bozorlarda xizmat ko‘rsatadi, butun dunyo bo‘ylab 490 000 dan ortiq xodimni birlashtiradi va uning 2024-yildagi daromadi 10,3 mlrd yevroni (taxminan 11 mlrd dollar) tashkil etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish rejalarini, operatsion markazlarni joylashtirish uchun mumkin bo‘lgan maydonlarni, malakali mutaxassislarning mavjudligini, shuningdek, xalqaro kompaniyalarga biznesni yo‘lga qo‘yishda taqdim etiladigan davlat ko‘magi choralarini muhokama qildi.

Inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning hududiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. IT Park Uzbekistan vakillari yosh va ko‘p tilli kadrlar salohiyati, butun mamlakat bo‘ylab rivojlangan raqamli va ofis infratuzilmasi, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan BPO loyihalarini amalga oshirish va kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilgan hududlarning afzalliklarini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda Sonect BPO-operatsiyalarini yo‘lga qo‘yish, kadrlar tayyorlash hamda eksportga yo‘naltirilgan biznes xizmatlari sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish niyatini mustahkamlovchi Anglashuv memorandumini (Memorandum of Understanding, MoU) imzoladilar. Shuningdek, uchrashuvda IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishning afzalliklari, jumladan, soliq va operatsion imtiyozlar, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash vositalari hamda eksportga yo‘naltirilgan biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Yosh mutaxassislarga xalqaro buyurtmachilar uchun loyihalar ustida ishlash orqali o‘z til, muloqot va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradigan zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Sonect operatsiyalarining O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi yirik xalqaro BPO kompaniyalarining mamlakatga eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirish uchun istiqbolli maydon sifatida qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Zamonaviy raqamli infratuzilma, yosh va ko‘p tilli kadrlar salohiyati hamda IT Park Uzbekistan tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash sharofati bilan O‘zbekiston xalqaro bozorlar uchun xizmat ko‘rsatish markazlarini yaratayotgan global ishtirokchilarni jalb etishda davom etmoqda.

 

2026-07-23