IT Park Uzbekistan va Tenity startaplarni rivojlantirish va xalqaro miqyosda kengaytirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov Tenity’ning Janubiy Yevropa va MENA mintaqasi bo‘yicha direktori Sabina Babayeva bilan uchrashdi. Tomonlar startaplarni rivojlantirish, korporativ innovatsiyalar hamda O‘zbekiston texnologik kompaniyalari uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. 

Muzokaralar markazida fintex va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari, jumladan, xalqaro bozorlarga chiqish, investorlar va korporativ hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro ekspertizadan foydalanish imkoniyatlari bo‘ldi. 

Tomonlar, shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarni Tenity’ning global investitsiya va institutsional tarmog‘iga ulash, ularning investitsion tayyorgarligini oshirishga ko‘maklashish hamda potensial xalqaro hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston startaplari hamda xalqaro moliyaviy va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, korporativ innovatsiyalar va xalqaro miqyosda kengayish bo‘yicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tenity fintex, sun’iy intellekt va raqamli aktivlarga ixtisoslashgan Shveytsariya venchur va innovatsion platformasidir. Kompaniya dastlabki bosqichdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda korporatsiyalar va davlat tashkilotlari bilan akseleratsiya dasturlari, startup scouting, open innovation va boshqa tashabbuslar doirasida hamkorlik qiladi. 

Tenity Syurix, Singapur, London, Madrid, Istanbul va Gonkongda hablarni rivojlantirmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning dasturlarida 1 600 dan ortiq startap ishtirok etgan, tarmoq 65 dan ortiq institutsional hamkorni birlashtiradi, investitsiya portfeli esa 200 dan ortiq kompaniyani qamrab oladi. 

2026-09-28