2026-yilning 17-20-iyul kunlari IT Park Uzbekistan Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi - World Artificial Intelligence Conference (WAIC 2026) da ishtirok etdi. WAIC sun’iy intellekt sohasidagi dunyodagi eng yirik platformalardan biri bo‘lib, har yili texnologiya sanoati yetakchilari, biznes vakillari, investorlar, ilmiy hamjamiyat va davlat tashkilotlarini birlashtiradi. Bu yilgi konferensiya 1400 dan ortiq ma’ruzachilarni, 100 000 kvadrat metrdan ortiq ko‘rgazma maydonida ilg‘or ishlanmalarni taqdim etgan 1000 dan ortiq kompaniyalarni, shuningdek, butun dunyodan o‘n minglab ishtirokchilarni birlashtirdi.

IT Park Uzbekistan ishtirokining asosiy maqsadi o‘zbek kompaniyalarining yechimlarini Xitoy bozorida ilgari surish, xalqaro texnologik hamkorlikni kengaytirish, potensial mijozlar va investorlarni jalb qilish, pilot loyihalarni ishga tushirish, shuningdek, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekiston ekotizimiga jalb qilishdan iborat edi.
IT Park Uzbekistan ko‘rgazmada Central Asian Innovation Hubs tashabbusi doirasida Astana Hub va Khan Tengri Innovation Hub bilan hamkorlikda ishtirok etdi. Qo‘shma ishtirok hamkorlarning Markaziy Osiyo startaplarini xalqaro bozorlarga olib chiqish, global investorlar, texnologik kompaniyalar va yangi biznes imkoniyatlariga kirishni kengaytirish yo‘lida sa’y-harakatlarini birlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi. Birlashgan stendda IT Park Uzbekistan rezidentlari bo‘lgan UIC Group, OX Group, ALGORITHM GATEWAY (Aura AI), Unitlab AI va MAERO (Minora AI) kompaniyalarining yechimlari namoyish etildi.

WAIC 2026 doirasidagi ishtirok kompaniyalarga potensial mijozlar, investorlar va texnologik hamkorlar bilan o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazish imkonini berdi. Unitlab AI JHCTECH, Gestala, MECH.MN, MemTensor va TAIROS kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi. JHCTECH va MECH.MN bilan pilot loyihalar muhokama qilinmoqda, qolgan kompaniyalar bilan esa keyingi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, kompaniya yechimlariga Clavtime va Mengven Venture Partners venchur investorlari ham qiziqish bildirdi.
MAERO (Minora AI) 20 dan ortiq yangi biznes aloqalarini o‘rnatdi, jumladan, 15 ga yaqin potensial mijoz va hamkor bilan bog‘lanishga erishdi, Zhihu jamoasi bilan tanishdi hamda Hong Kong Science and Technology Park tomonidan akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun taklif oldi.

UIC Group Huiminxong, Qiruicaon, Tony Yu, ZimaOS, Boss AI va Turing AI kompaniyalari bilan sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, server infratuzilmasi va chiplar yetkazib berish, shuningdek, qo‘shma savdolarni rivojlantirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
ALGORITHM GATEWAY (Aura AI) o‘zining Aura OS platformasini SAIC Motor, Tesla Gigafactory Shanghai, NIO, Shanghai Electric va Bright Food Group kabi potensial xitoylik mijozlarga taqdim etdi. Muzokaralar sun’iy intellekt asosidagi tahliliy yechimlar, ERP tizimlari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarini qamrab oldi.

UIC Group, OX Group (AIBA) va ALGORITHM GATEWAY (Aura AI) Xitoy kompaniyalari bilan sun’iy intellekt yechimlari, ERP tizimlari, server infratuzilmasi hamda ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va ehtimoliy pilot loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Konferensiya doirasida tibbiy sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Sino AI kompaniyasi Baichuan AI, Huawei, Ping An Healthcare va iFLYTEK kompaniyalari bilan raqamli sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Bundan tashqari, xalqaro bozorga mo‘ljallangan aqlli bilaguzuklarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha Vulus Group bilan strategik hamkorlik bitimi imzolandi.

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalari va korporativ investorlar bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, CNPC korporativ venchur bo‘linmasi bilan o‘zbek startaplariga investitsiya kiritish imkoniyatlari, Kewiana kompaniyasi bilan texnologik hamkorlik istiqbollari, Star Vision bilan esa kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi masalalari muhokama qilindi. Star Vision joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda ofis ochishni rejalashtirmoqda hamda Unitlab AI bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi. Terasim kompaniyasi bilan esa mamlakatda ofis yoki vakolatxona ochish istiqbollari muhokama qilindi.
WAIC 2026 konferensiyasidagi ishtirok O‘zbekistonning sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar sohasidagi xalqaro mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Konferensiya yakunlariga ko‘ra, o‘zbek kompaniyalari Xitoy bozoriga va u orqali Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ular pilot loyihalarni ishga tushirish, investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muzokaralarni boshladilar hamda mamlakat IT sohasining eksport salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan amaliy kelishuvlarga erishdilar.
2026-07-21