IT Park Uzbekistanda xalqaro bozorlarga yo‘naltirilgan strategik savdolar bo‘yicha mentorlik sessiyasi o‘tkazildi

IT Park eksport bo‘limi xodimlari “Plug and Play Uzbekistan” xalqaro mentori, autsorsing sohasidagi B2B-sotuvlar bo‘yicha ekspert Stiven Stirs bilan o‘quv mashg‘ulotida qatnashdilar. Uchrashuv mavzusi “O.C.G.C.” modeli — O‘zbekistondan IT-xizmatlarni eksport qilish vazifalariga moslashtirilgan zamonaviy hikoya qilish va mijozlar ehtiyojlari bilan ishlashning yangicha usuli bo‘ldi.

Global raqobat kuchaygan bir sharoitda nafaqat narx taklifi, balki jamoaning o‘z mamlakati qiymatini strategik va ishonchli tarzda yetkazib bera olish qobiliyati ham muhim ahamiyatga ega. Aynan shu vazifani hal etishga qaratilgan “O.C.G.C.” metodikasi mijozning real muammolarini aniqlash, ishonch uyg‘otish, o‘ziga xoslikni ko‘rsatish va qiziqishni bitimga aylantirish kabi to‘rtta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi.  

Sessiya davomida ishtirokchilar quyidagilarni o‘zlashtirdilar:

  • mijozlar ehtiyojlarini chuqur tahlil qilish usullari;
  • O‘zbekiston bilan ishlashning afzalliklarini namoyish qilish uchun “vaqt bo‘ylab sayohat” texnikasi;
  • O‘zbekistonni ishonchli va jozibali autsorsing hamkori sifatida ko‘rsatishda hikoya qilish tamoyillari;
  • samarali pozitsiyalash usullari — kuchli kadrlar tayyorlashdan tortib, soliq imtiyozlari va loyihalarni tez ishga tushirishgacha.

Ishtirokchilar “kriptonit savoli” deb nomlanuvchi vositani amalda qo‘llashga alohida e’tibor qaratdilar. Bu usul mijoz bilan yuzaki suhbatdan real yechimlarni muhokama qilishga tezda o‘tishga yordam beradi.

“Plug and Play Uzbekistan” tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bunday sessiyalar professional madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi va O‘zbekistonning global raqamli xizmatlar bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi. IT Park Uzbekistan mamlakatni ilg‘or autsorsing markazi sifatida ilgari surish uchun o‘z jamoasining ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga sarmoya kiritishni davom ettiradi.    

2025-05-14