Namanganda yangi IT Park qurilishiga tamal toshi qo‘yildi: loyiha yoshlar uchun 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan shahridagi yangi IT Park majmuasining tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi. 

Loyiha raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT-sohaning eksport salohiyatini kengaytirish hamda yoshlar uchun yuqori haq to‘lanadigan zamonaviy ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan izchil davlat siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. 

Tadbir davomida davlatimiz rahbari raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Yosh mutaxassislarga bozorbop ko‘nikmalarni egallash va yuqori texnologiyali sohalarda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkonini beradigan zamonaviy infratuzilmani yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. 

Namangandagi yangi IT Park Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik keng ko‘lamli loyihaning bir qismiga aylanadi. Tashabbus doirasida Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida ham zamonaviy IT parklar barpo etiladi. Yangi Namangandagi majmua ushbu loyihaning ilk inshooti bo‘ladi. 

Loyihaga ko‘ra, 1,7 gektar maydonda umumiy maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan 17 qavatli zamonaviy bino qad rostlaydi. Majmuadan o‘quv markazi, eksport markazi, kovorking-hududlar, texnologik kompaniyalar uchun ofislar, startap-akselerator hamda xalqaro IT kompaniyalar uchun xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi o‘rin oladi. 

Loyihaning amalga oshirilishi Namangan viloyati yoshlari uchun 2 mingga yaqin yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Majmua ishga tushirilgach, hududda yillik IT xizmatlar hajmini 500 milliard so‘mga, raqamli xizmatlar eksportini esa 30 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 

Tamal toshini qo‘yish marosimi mamlakatda zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. 

2026-06-23