O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi va keyingi bosqichga — ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoniga o‘tkazildi.
Loyiha “Enterprise Uzbekistan” nomli maxsus yurisdiksiyani ishga tushirishni nazarda tutadi. Unda IT kompaniyalar, startaplar va investorlar uchun alohida ish yuritish sharoitlari amal qiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonda xalqaro texnologik kompaniyalar, startaplar va investorlar uchun yangi kirish nuqtasini yaratadi. Bu esa Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarning tez rivojlanayotgan bozoriga yo‘naltirilgan loyihalar uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, global bozorga tushunarli bo‘lgan qoidalarga asoslangan maxsus yurisdiksiya shakllantiriladi. Jumladan, xalqaro standartlar va Angliya hamda Uels umumiy huquqi elementlarini qo‘llash nazarda tutilgan bo‘lib, bu xalqaro investitsiyalar va venchur loyihalar uchun muhim omil hisoblanadi.
Bu esa ro‘yxatdan o‘tish, biznes yuritish va tijorat faoliyatini tartibga solishni soddalashtiradi. Rezidentlar uchun 2100-yilgacha amal qiladigan aniq va qulay sharoitlar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, barcha turdagi xizmatlarni, jumladan, davlat xizmatlarini olish imkonini beruvchi “yagona darcha” tamoyili joriy etiladi.
Qonun loyihasi intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish choralarini ham o‘z ichiga oladi hamda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikda ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan.
Kutilishicha, “Enterprise Uzbekistan” xorijiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish vositasiga aylanadi, shuningdek, mamlakatda texnologik loyihalarni ishga tushirish va rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.
2026-04-22