Qirg‘iziston delegatsiyasi IT Park’ga tashrif buyurdi!

2021-yil 20-oktabr kuni Qirg‘izistondan 18 nafar mutaxassislardan iborat delegatsiya IT Park’ga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Qirg‘iziston kompaniyalarining biznes matchingi, shuningdek, ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va tajriba almashishdan iborat edi.

Tashrif davomida IT Park Qirg‘iziston dasturiy ta’minot va xizmatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi yuqori texnologiyalar Parki bilan memorandum imzoladi. Imzolangan memorandumlar doirasida tomonlar startap ekotizimni rivojlantirish, xususan, startaplarni inkubatsiya va akseleratsiyalash, konferentsiyalar, seminarlar, forumlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish bo‘yicha tajriba almashadilar.


Bundan tashqari, delegatsiya IT Park rezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, IT Park xalqaro faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Boxodir Ayupov esa mehmonlarga IT Park faoliyati haqida so‘zlab berdi va tashkilotning bosh ofisiga kichik ekskursiya o‘tkazdi.

Natijada tomonlar axborot texnologiyalarining turli sohalarida hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdilar.

2021-10-26