Janubiy Koreyaning SaferZone kompaniyasi O‘zbekistonni kiberxavfsizlik va data-markaz xizmatlari bo‘yicha mintaqaviy xab sifatida ko‘rib chiqmoqda hamda kelgusida Markaziy Osiyo bozorlarida faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ko‘rib chiqilayotgan asosiy tashabbuslar qatoriga O‘zbekistonda mahalliy yuridik shaxs tashkil etish va Toshkentda data-markazni rivojlantirish kiradi.
ICT WEEK UZBEKISTAN 2026 doirasida IT Park Uzbekistan raqamlashtirish bo‘yicha direktori Farrux Rasulev SaferZone asoschisi va CEOsi Kwon Chang-hoon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda kiberxavfsizlik va data-markaz infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
SaferZone DAEWOO kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirish tajribasini Janubiy Koreya biznesining mamlakatdagi rivojlanishiga misol sifatida ko‘rib, IT-sohada mahalliy ishtirokini kengaytirish niyatini bildirdi. Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologik salohiyatiga tayangan holda, kompaniya O‘zbekiston bozori talablari va standartlariga moslashtirilgan IT-yechimlarni ishlab chiqish, zarur sertifikatsiyadan o‘tkazish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda.
Kelgusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yechimlar kompaniyaning Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va Afrika bozorlariga chiqishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
SaferZone’ning investitsiya va ilg‘or texnologiyalar transferi bo‘yicha rejalari O‘zbekistonda raqamli infratuzilma, axborot xavfsizligi va texnologik sektorni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.
Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va SaferZone Co., Ltd. o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Tomonlar keyingi bosqichda O‘zbekistonda mahalliy kompaniya va data-markaz tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Data-markaz colocation xizmatlari, bulutli va hisoblash infratuzilmasi, shuningdek, kiberxavfsizlik yechimlarini IT Park rezidentlari va boshqa kompaniyalarga taqdim etishi mumkin. Kelgusida ushbu xizmatlarni Markaziy Osiyodagi mijozlar uchun ham kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
2001-yilda tashkil etilgan SaferZone axborot xavfsizligi sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning SaferZone All-in-One platformasi ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olish (DLP), ransomware va antivirus himoyasi, tarmoq va elektron pochta xavfsizligi hamda ma’lumotlarni shifrlash yechimlarini birlashtiradi. Kompaniya mijozlari qatorida Korea Telecom, LG, Samsung va Hyundai-Kia Group bor.
SaferZone bilan hamkorlik O‘zbekistonda raqamli infratuzilma va ma’lumotlarni himoya qilish imkoniyatlarini rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyo bozorlariga texnologik xizmatlar ko‘rsatish platformasi sifatidagi salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
2026-09-26