Sentabr oyining birinchi yarmida 105 ta kompaniya IT Park rezidentlari reyestridan chiqarildi

IT Park rezidentlari qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish, shuningdek, biznesni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, rezidentlik maqomini saqlab qolish uchun belgilangan talablarga rioya qilish zarur. Xususan, kompaniyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori talablariga hamda IT Park bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq bo‘lishi lozim.

2026-yil sentabr oyining birinchi yarmida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan 105 ta kompaniya IT Park rezidentlari reyestridan chiqarildi. Yil boshidan buyon ushbu chora jami 943 ta kompaniyaga nisbatan qo‘llanildi.

Reyestrdan chiqarilgan kompaniyalarning eng katta qismi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning soni 433 tani tashkil etdi.

Hududlar kesimida ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • Toshkent viloyati — 77 ta;

  • Samarqand viloyati — 68 ta;

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 60 ta;

  • Farg‘ona viloyati — 56 ta;

  • Xorazm viloyati — 38 ta;

  • Sirdaryo viloyati — 36 ta;

  • Surxondaryo viloyati — 33 ta;

  • Namangan viloyati — 29 ta;

  • Qashqadaryo viloyati — 25 ta;

  • Navoiy viloyati — 24 ta;

  • Jizzax viloyati — 22 ta;

  • Andijon viloyati — 21 ta;

  • Buxoro viloyati — 21 ta.

Rezidentlar qanday talablarga rioya qilishi kerak?

IT Park rezidentlari faoliyatiga qo‘yiladigan asosiy talablar Vazirlar Mahkamasining 589-son qarorida belgilangan.

Amaldagi tartibga muvofiq, rezidentlar:

  • tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-reja doirasida faoliyat yuritishi;

  • faoliyat natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishi;

  • har yili auditdan o‘tishi;

  • IT Park bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilishi lozim.

Mazkur talablarning bajarilishi rezidentlik maqomini saqlab qolish va rezidentlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanishning muhim sharti hisoblanadi.

2026-09-18