Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Sonect kompaniyasining bosh direktori Yekaterina Osina boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Uchrashuvda, shuningdek, IT Park Uzbekistan Eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari ham qatnashdi. Tomonlar Sonect kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy qadamlar, biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) yo‘nalishini rivojlantirish hamda eksportga yo‘naltirilgan yangi xizmat ko‘rsatish operatsiyalarini yaratish borasidagi kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Sonect’ning O‘zbekiston bozoriga kirish haqidagi qarori avvalroq Moskva va Toshkentda bo‘lib o‘tgan bir qator muzokaralar va ishchi uchrashuvlar natijasida qabul qilindi. O‘tkazilgan ishlar yakuniga ko‘ra, kompaniya xalqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun rusiyzabon mutaxassislarni jalb etishga e’tibor qaratgan holda, mamlakatda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. GBSF 2026 doirasida Sonect o‘zining rebrendingini hamda O‘zbekiston bozorida ish boshlashini rasman e’lon qildi.
Avvalroq kompaniya Rossiyada Mijozlar tajribasi (Customer Experience, CX) va Biznes jarayonlari autsorsingi (Business Process Outsourcing, BPO) sohasida jahon yetakchisi hisoblangan Teleperformance tarkibiga kiruvchi Teleperformance Russia brendi ostida faoliyat yuritgan. Rossiyadagi biznes sotib olingach, kompaniya mijozlarga xizmat ko‘rsatish, texnik qo‘llab-quvvatlash, kontent moderatsiyasi, Trust & Safety va back-office xizmatlari bo‘yicha ko‘p yillik tajribasini saqlab qolgan holda Sonect brendi ostida rivojlanishda davom etdi. Teleperformance global guruhi 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi, 170 dan ziyod bozorda mijozlarga xizmat ko‘rsatadi, 490 000 dan ortiq xodimni birlashtiradi va uning 2024-yildagi daromadi €10,3 mlrdni tashkil etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda operatsion markaz ochish rejalari, Toshkent, Samarqand va Farg‘onada jamoalarni joylashtirish uchun mumkin bo‘lgan maydonlar, malakali kadrlar mavjudligi hamda xalqaro investorlar va eksportga yo‘naltirilgan BPO kompaniyalariga taqdim etiladigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muhokama qildi.
Inson kapitalini rivojlantirish va xalqaro buyurtmachilar bilan ishlash uchun mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. IT Park Uzbekistan vakillari IT Park ekotizimining afzalliklari, jumladan, soliq va operatsion imtiyozlar, rivojlangan infratuzilma hamda mamlakatda servis markazlarini ochayotgan xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Sonect operatsiyalarining yo‘lga qo‘yilishi IT Park Uzbekistan’ning yetakchi xalqaro BPO kompaniyalarini jalb etish borasidagi faoliyati samaradorligining navbatdagi tasdig‘i bo‘ladi hamda O‘zbekistonning mintaqadagi global biznes-servislar rivojlanishining eng jozibador markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.
2026-07-25