MDHdagi biznes jarayonlarini autsorsing qilish (BPO) va mijozlarga xizmat ko‘rsatish (CX) bo‘yicha yetakchi provayderlardan biri bo‘lgan VOXYS kompaniyasi O‘zbekistonda BPO yo‘nalishidagi faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. “Global Business Services Forum 2026” (GBSF 2026) doirasida IT Park Uzbekistan’ning eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov VOXYS bosh direktori o‘rinbosari Andrey Semyonov bilan uchrashib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini hamda kompaniyaning kelgusi loyihalari uchun O‘zbekistonning jozibadorligini muhokama qildi.

VOXYS’ning O‘zbekiston bozoriga kirishi mamlakatning BPO va ITO xizmatlari eksporti bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida rivojlanishida yana bir muhim qadam bo‘lishi mumkin. Yosh va salohiyatli kadrlar, biznes yuritish xarajatlarining raqobatbardoshligi hamda eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosati tufayli O‘zbekiston global bozorlarga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlarini rivojlantirayotgan xalqaro kompaniyalarni jalb etishda davom etmoqda.

VOXYS Rossiyadagi Customer Experience va Business Process Outsourcing sohasidagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyada 8 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi va u mijozlar hamda texnik qo‘llab-quvvatlash, back-office xizmatlari, telemarketing, savdo, omnikanalli kontakt-markazlar kabi xizmatlarning to‘liq spektrini taqdim etadi. Bundan tashqari, VOXYS sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, ovozli va chat-botlar, nutq tahlili hamda mijozlar tajribasini boshqarishga mo‘ljallangan boshqa raqamli texnologiyalarni faol joriy etmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistonda operatsion maydoncha ochish istiqbollari hamda mamlakatdan Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, Yaqin Sharq va boshqa xalqaro bozorlar uchun mijozlarga xizmat ko‘rsatadigan mintaqaviy xab sifatida foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, xalqaro BPO kompaniyalari uchun O‘zbekistonning raqobat ustunliklariga alohida e’tibor qaratildi. IT Park vakillari yosh va ko‘p tillarni biladigan kadrlar salohiyati, mamlakat bo‘ylab rivojlangan raqamli va ofis infratuzilmasi, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilgan hududlarning imkoniyatlarini taqdim etdilar.

Bundan tashqari, tomonlar IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishning afzalliklarini, jumladan, soliq va operatsion imtiyozlar, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda eksportga yo‘naltirilgan biznesni yo‘lga qo‘yish vositalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, pilot loyihalarni amalga oshirish va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokaralarni davom ettirish, hamkorlikning ehtimoliy formatlarini batafsil ishlab chiqish hamda VOXYS faoliyatini O‘zbekistonda mahalliylashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilashga kelishib oldilar.
2026-07-23