IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Lazizbek Xudayev boshchiligidagi delegatsiya Qatarning BROOQ First fintech kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya delegatsiyasiga bosh direktor Balakandran Ulaganthan hamda operatsion direktor Senura Perera boshchilik qildi. Uchrashuvning asosiy mavzusi kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish rejalari va IT Park rezidenti maqomini olish masalasi bo‘ldi.

BROOQ First — Qatarda faoliyat yurituvchi yangi avlod to‘lov infratuzilmasini ishlab chiqadigan fintech kompaniyasi. Kompaniya banklar, davlat regulyatorlari, fintech kompaniyalari va savdo korxonalariga xavfsiz hamda samarali to‘lov xizmatlarini taqdim etish imkonini beruvchi texnologik yechimlarni yaratadi. Raqamli banklar yoki elektron hamyonlardan farqli ravishda, BROOQ First moliyaviy bozor uchun infratuzilma yaratishga ixtisoslashgan.

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari xalqaro IT-kompaniyalarga O‘zbekistonda biznes ochish va rivojlantirishda ko‘mak beruvchi Zero Risk va Softlanding dasturlari haqida ma’lumot berdi. Ushbu dasturlar xorijiy investorlar va texnologik kompaniyalarga bozorga kirish bosqichida har tomonlama qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida, BROOQ First vakillari O‘zbekistonda texnologik yechimlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

BROOQ First kabi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston fintech ekotizimini rivojlantirish, xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb etish hamda mamlakatning raqamli biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2026-07-16