IT Park Uzbekistan Ar-Riyodda Digital Uzbekistan tadbirini o‘tkazadi

16-iyun kuni Ar-Riyodda Digital Uzbekistan bo‘lib o‘tadi. Bu IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etiladigan xalqaro texnologik taqdimot bo‘lib, O‘zbekiston IT kompaniyalarini xalqaro bozorda targ‘ib qilish hamda Saudiya Arabistonidagi biznes vakillari va investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Digital Uzbekistan — O‘zbekistonning texnologik salohiyatini xorijda targ‘ib qilish uchun yaratilgan IT Park Uzbekistan xalqaro loyihasi. Ushbu tashabbus istiqbolli IT kompaniyalar, investorlar va biznes vakillarini birlashtirib, raqamli yechimlar eksporti, hamkorlarni jalb qilish va xalqaro bozorlarga chiqish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Tadbir O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni bozoriga kirib borayotgan va global miqyosda kengayib borayotgan tez rivojlanayotgan texnologik kompaniyalarini birlashtiradi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan texnologik ekotizimi doirasida yaratilgan innovatsion mahsulotlar va yechimlar taqdim etiladi.

Digital Uzbekistan o‘zbek IT kompaniyalari, korporatsiyalar, investorlar va mintaqaning soha yetakchilari o‘rtasida netvorking hamda hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maydoniga aylanadi.

Tadbir 16-iyun kuni soat 15:00 da quyidagi manzilda bo‘lib o‘tadi: At-Takhassusi ko‘chasi, “Mohammadiya” binosi, 3-qavat, Ar-Riyod.

 

2026-05-22