IT Park Uzbekistan vakillari eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Qodirov boshchiligida Hong Kong Economic and Trade Office in Dubai delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga bosh direktor Simon Chan rahbarlik qildi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida texnologiyalar, innovatsiyalar hamda xalqaro biznes sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, Gonkong tomoni texnologik kompaniyalar O‘zbekistonda dasturiy ta’minot ishlab chiqish ofislarini ochishga qiziqish bildirayotganini ta’kidlab, qo‘shma tashabbuslar va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Hong Kong Economic and Trade Office in Dubai — Gonkong hukumatining Yaqin Sharq mintaqasidagi rasmiy vakolatxonasi. Ofis xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish hamda Gonkong va xorijiy bozorlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning texnologik ekotizimi rivoji haqida ma’lumot berib, xalqaro IT-kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni taqdim etdi. Xususan, IT Park rezidentlik dasturi, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, soliq imtiyozlari hamda xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kadrlarni tanlash, biznes tahlili, raqamli yechimlar va kompaniyalarni biznesni mahalliylashtirishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash xizmatlari haqida ham ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Hong Kong Economic and Trade Office in Dubai vakillari Gonkongning dunyoning yetakchi moliyaviy, savdo va logistika markazlaridan biri sifatidagi afzalliklari haqida so‘zlab berdi. Delegatsiya mintaqaning strategik joylashuvi, xalqaro biznes integratsiyasining yuqori darajasi hamda xorijiy bozorlarga chiqish strategiyasini amalga oshirayotgan kompaniyalar uchun Gonkong taqdim etayotgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda dasturiy ta’minot ishlab chiqish ofislarini ochishga qiziqish bildirayotgan texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qo‘shma loyihalar va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan Hong Kong Economic and Trade Office vakillarini joriy yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan ICT Week Uzbekistan 2026 tadbirida ishtirok etishga taklif qildi. Tomonlar xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb etish va O‘zbekiston hamda Gonkong innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Hong Kong Economic and Trade Office bilan hamkorlik O‘zbekistonga dasturiy ta’minot ishlab chiqish ofislarini ochish va mintaqadagi faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirayotgan xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik IT Park Uzbekistan rezidentlarining eksport salohiyatini oshirish, xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda mamlakat texnologik ekotizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
2026-07-16