O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining vazir birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov boshchiligidagi hamda IT Park Uzbekistan’ning rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Lazizbek Xudayev boshchiligidagi vakillari IT Park Uzbekistan rezident kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbir Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan oltinchi uchrashuvi uchun tashabbuslar tayyorlash doirasida tashkil etildi. Uchrashuvning asosiy maqsadi IT sohasini yanada rivojlantirish va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan dolzarb masalalar hamda tashabbuslarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar biznes ehtiyojlari va Enterprise Uzbekistan dasturini ishga tushirish bilan bog‘liq kutilmalarni ko‘rib chiqdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun IT Visa olish mexanizmlarini takomillashtirish, jumladan, IT Card rasmiylashtirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish jarayonlarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Hududlardagi rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kompaniyalar vakillari Zero Risk dasturi imkoniyatlarini kengaytirish, unga xorijiy mentorlar tomonidan o‘tkaziladigan onlayn ta’lim xarajatlari hamda mamlakat ichidagi o‘quv kurslari xarajatlarini kiritishni taklif etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Prezidentning PQ-189-son qarori doirasida GPU Cluster loyihasini amalga oshirish va O‘zbekistonda elektron platalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi. Bu esa importga qaramlikni kamaytirish va biznes xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, kompaniyalar vakillari raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq qator masalalarni ham ko‘tardi. Xususan, ma’lumotlarni saqlash tizimlari barqarorligini oshirish, xorijiy platformalar va ma’lumotlar markazlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, startaplarni hisoblash resurslari va xalqaro ma’lumotlar markazlarining moliyaviy vositalaridan foydalanish imkoniyatlari bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, bildirilgan takliflar keyinchalik Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘ladigan muloqoti doirasida taqdim etiladigan tashabbuslar paketiga kiritish uchun batafsil ishlab chiqiladi.
Bunday uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ga rezidentlar bilan bevosita muloqot qilish, biznesning dolzarb ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash va IT sanoatini rivojlantirishga qaratilgan takliflarni shakllantirish imkonini beradi. Mazkur muloqot formati qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda mamlakat texnologik sektorining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
2026-06-20