IT Park Uzbekistan va Sturgeon Capital venchur investitsiyalar sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan, Enterprise Uzbekistan va IT Park Ventures vakillari bosh direktor Azamat Karamatov boshchiligida Buyuk Britaniyaning Sturgeon Capital venchur fondi jamoasi, jumladan, bosh direktor Kiyan Zandieh va hamkor Robin Butler bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar investitsion hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning venchur ekotizimini rivojlantirish hamda texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi tez sur’atlarda rivojlanayotgan texnologik kompaniyalarga xalqaro kapitalni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar sun’iy intellekt, fintex, SaaS-yechimlar, raqamli infratuzilma va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlardagi loyihalarga qo‘shma investitsiyalar kiritish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv doirasida IT Park Ventures vakillari mamlakatda venchur bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar, startaplarni o‘sishning turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, O‘zbekiston texnologik sektorining investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Sturgeon Capital rahbariyati O‘zbekiston startap va venchur ekotizimi jadal rivojlanayotgani, shuningdek, xalqaro investorlarning Markaziy Osiyodagi texnologik loyihalarga qiziqishi ortib borayotganini ijobiy baholadi. Uchrashuv davomida kompaniya mamlakatning investitsion salohiyatini yanada chuqurroq o‘rganish va mahalliy startaplar, tadbirkorlar hamda innovatsion ekotizim ishtirokchilari bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, venchur ekotizimini rivojlantirish sohasidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi. Alohida e’tibor Sturgeon Capital’ning xalqaro tajribasini o‘rganish imkoniyatlariga qaratildi. Jumladan, istiqbolli startaplarni saralash, investitsion tahlil, due diligence jarayonlarini o‘tkazish, investitsiya portfelini boshqarish, shuningdek, portfel kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar mintaqadagi innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va potensial hamkorlik formatlarini o‘rganish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv davomida Enterprise Uzbekistan faoliyati ham taqdim etildi. Xususan, uning xalqaro investorlar, texnologik kompaniyalar va hamkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, O‘zbekistonda innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirishdagi roli haqida ma’lumot berildi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar Sturgeon Capital’ning xalqaro tajribasini o‘rganish va eng yaxshi amaliyotlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlarini, jumladan, venchur investitsiyalar sohasidagi tartibga solish muhitini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro investitsiyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda barqaror venchur ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshlashga tayyor ekanini tasdiqladi.

Sturgeon Capital bilan hamkorlikni kengaytirish texnologik kompaniyalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, o‘zbek startaplarining xalqaro investitsion hamjamiyatga integratsiyasini kuchaytiradi hamda mamlakat innovatsion iqtisodiyotining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

2026-06-19