Markaziy Yevrosiyoda sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha tadqiqot boshlandi

AQShda MIT konferensiyasida Central Eurasian AI Readiness tadqiqoti ishga tushirilgani e’lon qilindi. Loyiha Markaziy Yevrosiyo mamlakatlarida sun’iy intellekt rivojlanish darajasini baholaydi hamda mintaqaning investorlar va hamkorlar uchun salohiyatini ko‘rsatishga yordam beradi.

Tadqiqotning asosiy qismi MIT Kuo Sharper Center for Prosperity and Entrepreneurship tomonidan tashkil etilgan Innovation in Global Growth Markets konferensiyasida taqdim etildi. Ish 2026-yil sentabrgacha davom etadi va O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistonni qamrab oladi.

Loyiha Silkroad Innovation Hub bilan hamkorlikda, IT Park Uzbekistan, Freedom Holding va Astana Hub qo‘llab-quvvatlovi ostida amalga oshirilmoqda. Hozirgi bosqichda jamoa tahlil qanday metodologiya asosida olib borilishini taqdim etdi.

Tadqiqot mintaqada sun’iy intellekt qanday rivojlanayotganini tizimli baholashga qaratilgan. Hozirda Markaziy Yevrosiyo salohiyati ko‘pincha yetarlicha baholanmaydi: investorlar va davlatlar qarorlari to‘liq manzaraga emas, balki alohida keyslarga tayanadi.

Hisobot to‘rtta asosiy yo‘nalish atrofida shakllantiriladi:

— infratuzilma va hisoblash quvvatlari
— davlat siyosati va tartibga solish
— ta’lim va kadrlar tayyorlash
— startaplar va sun’iy intellektning tijoriy qo‘llanishi

Loyihada mintaqa mamlakatlarining mavjud tashabbuslariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

“О‘zbekiston sun’iy intellekt sohasida salohiyatni infratuzilma darajasida ham, inson kapitali darajasida ham rivojlantirmoqda. “Five Million Artificial Intelligence Leaders” dasturi kabi tashabbuslar orqali biz butun mamlakat bo‘ylab mutaxassislarga amaliy AI ko‘nikmalarini beryapmiz hamda texnologiyalarni startaplar rivoji, eksport va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga joriy etmoqdamiz. Ushbu tadqiqot bu ishlar allaqachon olib borilayotganini ko‘rsatishga yordam beradi”, — dedi IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov.

Hisobot yaqin oylar davomida shakllantiriladi. Dastlabki natijalar 2026-yil kuzida yirik texnologik maydonlarda, jumladan, ICT Week Uzbekistan va Digital Bridge Kazakhstan tadbirlarida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

IT Park Uzbekistan uchun ushbu loyihadagi ishtirok mamlakatda allaqachon mavjud bo‘lgan tashabbuslarni xalqaro darajada namoyish etish imkoniyati hisoblanadi. Tadqiqot O‘zbekistonning AI sohasidagi yutuqlarini tizimlashtirishga, investorlar ishonchini oshirishga va texnologik ekotizimga yangi loyihalarni jalb qilishga yordam beradi.

 

2026-04-29