NVIDIA va Firebird O‘zbekistonda AI infratuzilmasini rivojlantirishni muhokama qildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov NVIDIA kompaniyasining global AI infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Nicolo Caprese, shuningdek, Firebird kompaniyasi vakillari — prezidenti Aleksandr Yesayan va boshqaruvchi direktori Razmig Ovagimyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ham ishtirok etdi. Tomonlar O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

NVIDIA — grafik protsessorlar (GPU) va sun’iy intellekt yechimlari sohasida dunyodagi yetakchilardan biri bo‘lgan AQSh texnologik kompaniyasi. 1993-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi AQShda joylashgan. Kompaniya mahsulotlari ma’lumotlar markazlari, geyming va AI ishlanmalarida keng qo‘llanadi. Yillik daromadi 60 milliard dollardan oshadi.

Firebird — raqamli infratuzilma, jumladan, data-markazlar va sun’iy intellekt loyihalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan xalqaro kompaniya. U rivojlanayotgan bozorlarda faoliyat yuritadi hamda davlat va xususiy hamkorlar bilan ishlaydi.

Mehmonlarga sun’iy intellekt sohasidagi joriy islohotlar, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida data-markazlar uchun qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, mavjud loyihalar va mutaxassislar tayyorlash dasturlari taqdim etildi.

NVIDIA va Firebird vakillari yirik AI data-markazini yaratish bo‘yicha tashabbusni taqdim etdi. Loyiha 125 dan 250 MVt quvvatga ega, kengaytirish imkoniyati mavjud bo‘lgan obyekt qurilishini nazarda tutadi.

Bunday hamkorlik xalqaro tajriba va texnologiyalarga kirish imkonini ochadi, mahalliy infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi hamda IT sohasi o‘sishi va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun sharoit yaratadi.

2026-04-29