Raqamli texnologiyalar sohasida vazirlik hamda nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblari taqdirlandi 

Bugun IT Park binosida vazirlik hamda nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi. 

Tadbirda vazirlik rahbariyati,  IT Park Uzbekistan vakillari, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.  

2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichi bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti davlat stipendiyasi hamda nomdor davlat stipendiyalari sohiblariga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan guvohnoma va sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. 

Vazir raqamli texnologiyalar sohasi bugun iqtisodiyot, ta’lim, davlat boshqaruvi va kundalik hayotning barcha yo‘nalishlarida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlab, yoshlarga kelgusida ham yanada katta marralarni zabt etish tilagini bildirdi. 

Tadbir doirasida ishtirokchilarga IT Park faoliyati, unda yaratilgan imkoniyatlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari hamda innovatsion loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Xususan, IT Park Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘limi bosh menejeri Usmon Rahimjonov so‘zga chiqib, IT Park Uzbekistan faoliyati, undagi yaratilgan sharoitlar, yosh innovatorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni global texnologik hamjamiyatga integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Beruniy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarining 8 nafar g‘oliblari, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi  g‘olibi bo‘lgan 44 nafar talaba va o‘quvchi ham tantanali taqdirlandi. 

Mazkur stipendiyalar yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, AT sohasidagi iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. 

 

 

2026-03-15