IT Park Uzbekistan vakillari Strategik rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mahliyo Muxsinova boshchiligida Xitoyning eng yirik innovatsion infratuzilma operatorlaridan biri bo‘lgan TusPark (Jiangsu) Innovation Research Institute delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv ayni kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda TusPark (Jiangsu) Innovation Research Institute tomonidan kompaniyaning boshqaruvchi direktori Hao Tang ishtirok etdi.
Tomonlar innovatsiyalar, investitsiyalar, sun’iy intellekt va texnologik ekotizimlarni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat startaplari va texnologik kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zbek startaplarining Xitoy bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, shuningdek, Xitoy startaplari va texnologik kompaniyalarning O‘zbekistonda o‘z loyihalarini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Bundan tashqari, investitsion hamkorlik istiqbollari hamda ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarning alohida mavzularidan biri sun’iy intellekt, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar (R&D), shuningdek, istiqbolli texnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish va O‘zbekiston hamda Xitoy texnologik kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

TusPark (Jiangsu) Innovation Research Institute bilan hamkorlikni rivojlantirish IT Park Uzbekistan’ga Xitoyning eng yirik innovatsion ekotizimlaridan biri bilan aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek startaplarining xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning texnologik sektoriga yangi investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik sun’iy intellekt, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar, shuningdek, yarimo‘tkazgich texnologiyalari sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
2026-06-16